Farg‘ona tumani yoshlari hayotida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda?

76

Farg‘ona tumanidagi yoshlar bilan Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning uchrashuvi Vodil markazidagi maydondayoq boshlandi. Yosh tadbirkor va ishlab chiqaruvchilar, san’atkorlar va sportchilar hokim bilan muloqot qilar ekan, ularning savollariga batafsil javob berildi.

Uchrashuvga kelgan bir necha yuz yigit-qizlardan viloyat hokimi tuman hududida tug‘ilib elga tanilgan insonlar haqida so‘radi. Hazrat Huvaydo va uning satrlarini yoddan aytib berganlarga sovg‘a e’lon qilindi. Hokim nega bunday savol tashlaganiga izoh berar ekan, “har bir yosh o‘z mahallasi, qishlog‘i, tumani, viloyatining mashhur odamlari, ularning ibratli ishlarini demakki, xalq, vatan tarixini bilishi kerak”, dedi.

Muloqot chog‘ida Saodatxon Ibrohimova taklifi bilan Chimyon qishlog‘ida kutubxona ochiladigan bo‘ldi va uni jihozlashga viloyat hokimi 300 mln. so‘m ajratdi. Shohimardon qishlog‘idagi stadionda yosh futbolchilar maktabi ochish taklifi ham qabul qilindi. Ahliddin Ashuraliev “Kaptarxona” qishlog‘ida suv havzasi tashkil etishni so‘radi. Yoshlarning taklifi bilan “Yoshlarobod” markaziy o‘yingohida viloyat hokimi kubogi musobaqasining bosqich o‘yinlari o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Jumanazar To‘ychievga tibbiyot tarmog‘i qurish uchun 300 mln. so‘m, Kibriyo Xomidovaga go‘zallik saloni ochish uchun  35 mln. so‘m imtiyozli kredit, Muhammadqodir Xolmatovga issiqxona uchun yer ajratildi, Muhabbatxon Jo‘raevaga tikuv mashinasi, Asadbek Muxsinovga nogironlik aravachasi shu yerning o‘zidayoq topshirildi.

Shuningdek, viloyat hokimligi hisobidan Farg‘ona tumani maktablari uchun 250 ta kompyuter, kutubxonalarga esa kitob zaxirasini to‘latishga 250 mln. so‘m mablag‘, Shohimardon va Yordon qishlog‘i yoshlari hamda nuroniylarga xizmat ko‘rsatishga deb 2 ta “ISUZU” avtobusi sovg‘a qilinadigan bo‘ldi.

Uchrashuvda, albatta, she’rxonlik bo‘ldi, yosh hofiz Alyorbek Shodiyev esa dutor chertib kuylab berdi. Shuhrat G‘aniyev Alyorbekka soz sotib olishi uchun bankda shaxsiy hisob raqami ochib, 5 mln. so‘m o‘tkazib berishini e’lon qildi.

Olmos To‘xtasinova ayollar o‘rtasida boks musobaqalarida mamlakatda 2-o‘rinni egallaganini va endi Tokio olimpiadasiga yo‘llanma beradigan saralash musobaqasiga tayyorlanayotganini gapirganida anjumanda ishtirok etayotgan nuroniylar unga oq fotiha berdilar. Viloyat hokimi esa Olmos To‘xtasinovaga tayyorgarlik jarayonida uni qo‘llab-quvvatlash uchun 25 mln. so‘m ajratdi.

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here