“Mening akam harbiy” videokonferensiyasida diydor onlari

57

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni mamlakatimizda umumxalq bayramiga aylandi. Ushbu ayyom doirasidagi tadbirlardan biri Sharqiy harbiy okrugiga qarashli harbiy qismda bo‘lib o‘tdi. “Mening akam – harbiy” nomli videokonferensiyada Farg‘ona shahridagi harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan Samarqandlik yigitlarning aka-ukalari, opa-singillari, do‘stlari hamda ota-onalari ishtirok etdi.

Bu o‘ziga xos “videoko‘prik”da so‘z olgan viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, viloyat yozuvchilar uyushmasi rahbari Enaxon Siddiqova hamda viloyat ma’naviyat boshqarmasi rahbari X. Iminova barchani bayram bilan qutlagan holda, ushbu tele-muloqot nafaqat diydorlashuv, balki Vatan himoyachilari ayyomi shukuhini butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qalbiga yana-da chuqurroq singdirish, ularning harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishi, milliy armiyamizga bo‘lgan faxr-iftixor tuyg‘ularini yana-da oshirish, harbiy xizmat nufuzini yana-da yuksaltirishga qaratilganini ta’kidladi.

“Mening akam – harbiy” – videomuloqot boshlangach, ishtirokchilar qalbida o‘zgacha hayajon, o‘zgacha kayfiyat hukmron bo‘ldi. Dillardagi mehr va sog‘inch tillarga ko‘chdi:

– Videomuloqot orqali ukam Ravshanbek va ota-onam bilan suhbatlashdim, – ko‘tarinki kayfiyatda minnatdorchiligini bildiradi Samarqand shahrida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askar Feruz Jalolov. – Ularga xizmatda erishgan yutuqlarim, xizmatni shartnoma bo‘yicha davom ettirishimni aytganimda barchalari quvonib ketishdi. Yaqinlarim bilan yuz ko‘rishganim, men uchun haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi.

– Farg‘ona shahrida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan akam bilan xuddi oldimda turgandek gaplashdim, – mamnun qiyofada fikrini bildiradi, oddiy askar Umidjon Fozilovning ukasi Asadbek. – Akam xizmatda ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritibdi. Ularga havasim keldi, faxrlanib ketdim. Men ham, albatta, harbiy xizmatga boraman, akam kabi chiniqqan, kuchli askar bo‘laman.

Bayram shukuhi, diydorlashuv onlaridan quvonchga to‘lgan bunday dil istaklarining cheki yo‘q. Albatta, quvonchli onlarni kuy-qo‘shiqlarsiz tasavvur etish qiyin. Tadbir so‘ngida konsert dasturi namoyish etildi.

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here