Yoshlarga e’tibor — kelajakka poydevor!

29192

Aziz vatandoshim, qadrli tengdosh!

Har kimning yoshlik haqida o‘z tasavvurlari bo‘ladi. Bu haqida gap ketganda, hamisha kattalarning aytgan naqli xotiramda jonlanadi. Ya’niki, farzand niholga o‘xshaydi. Uni yoshligidan qanday tarbiyalasak, shunday voyaga yetadi. Bunda albatta oila, mahalla, jamiyatdagi muhit muhim ahamiyatga ega. O‘zi, oilasi, xalqi, ma’naviy ildizlari haqida yetarli tushunchaga ega bo‘lgan bola jinoyat ko‘chasiga qadam bosmaydi. Bunga erishish uchun jamiyatning har bir a’zosi o‘z zimmasidagi masuliyatni chuqur his etishi, burchini sidqidildan bajarishi lozim.

So‘nggi paytlarda har xil g‘arazli kuchlarning «ommaviy madaniyat» niqobi ostida xatarli g‘oyalarni yoshlar ongiga singdirishga urinishlari kuchaymoqda. Bunday jirkanch «madaniyat» ta’siriga duchor bo‘lgan o‘smir loqayd, yengil-yelpi hayotga oshno, yurt ravnaqi va xalq tinchligiga befarq kimsa bo‘lib voyaga yetadi. Shukrki, yurtimizda yoshlar siyosati borasida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar ana shu g‘arazli kuchlarga barham bermoqda, siz aziz tengdoshlarimizning iste’dodini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda yosh avlodning har jihatdan barkamol bo‘lib o‘sishi, kasb-hunar o‘rganishi va jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni turli yot g‘oya va mafkuralar ta’siridan muhofazalash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotir.

Dunyoga bo‘ylashayotgan mamlakatimiz bu yil mustaqilligimizning 28 yillik bayramini katta quvonch bilan kutib olmoqda. Bu sana tarix hukmi oldida bir lahzalik bo‘lgani bilan aslida u bir niholning kamolot yoshiga teng. Istiqlolning ana shu o‘tgan davri siz-u bizning hayotimizda qanday muhim o‘rin tutganini yaxshi bilamiz. Avvalo, sobiq “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tiziminining tubdan yangilangani, ya’ni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi sifatida qaytadan tashkil etilishi, uni rivojlantirish borasida ko‘plab imkoniyat va imtiyozlarning ishga solinishi, yoshlar siyosatiga oid huquqiy hujjatlarning qabul qilingani o‘g‘il-qizlar hayotida qator ijobiy o‘zgarishlar yasadi. Yana bir ahamiyatli voqea esa Prezidentimizning 2017 yil 19-sentyabr kuni xalqaro maydondan turib aytgan fikrlari bo‘ldi. Xususan, muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida ko‘plab dolzarb masalalar qatori yoshlar haqida ham alohida so‘z yuritilgan edi. Prezidentimiz tomonidan xalqaro huquqiy hujjat –  BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish taklifi ilgari surildi. Darhaqiqat, ayni shundan ham ko‘rinadiki, yoshlarning huquqlarini himoya qilish, ularni yot g‘oyalar tasiridan asrash, yoshlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish davlatimizning ertasiga bo‘lgan e’tiboridir. Qolaversa, joriy yil Farg‘onaga tashrifi chog‘ida Prezidentimiz yoshlar bilan ishlash masalasinining doimiyligini ta’minlash maqsadida “Farg‘ona tajribasi”ni yaratish yuzasidan topshiriqlar belgilab bergani nafaqat viloyat yoshlarini, balki, butun farg‘onaliklarni xursand qildi. O‘z navbatida “Farg‘onada: yangi marralar, yangicha fikrlash, yangicha yondoshuv” degan shior navqiron avlod vakillarining qalbidan mustahkam o‘rin oldi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus yuqorida biz sanab o‘tgan ezgu ishlarning mantiqiy davomi desak arziydi. Ushbu muhim tashabbus yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishdagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Men yosh jurnalist sifatida, ana shu tashabbuslarni amalga oshirishda o‘zimni daxldor deb o‘ylayman. Bu borada o‘z g‘oyalarim va takliflarimni qo‘llab-quvvatlashda siz aziz tengdoshlarimni, aka va opalarimni, uka va singillarimni o‘zimga maslakdosh deb bilaman.

Har bitta ustuvor yo‘nalish sizu bizning taqdirimizda katta yangiliklarga eshik ochmoqda. Aytmoqchimanki, men o‘z faoliyatimda ana shu yo‘nalish ijrosi bo‘yicha olib borilayotgan jarayonlardan aholini xabardor qilishga intilyapman. Ayniqsa, bu tashabbuslarning ikkinchisi bo‘lgan yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish borasida ilgari surilgan islohotlarni o‘z eshittirish va ko‘rsatuvlarimda aks ettirishga harakat qilyapman. Mening muallifligimda tayyorlanib efirga uzatilayotgan “Sport sayyorasi”, “Savob uchun…” nomli teleko‘rsatuvlar orqali  “Ruxsor” telekanali ijodiy jamoasi ko‘magi bilan 5 ta muhim tashabbusda aks etgan ulug‘ maqsadlarni qamrab olishga harakat qilmoqdamiz. Shuningdek, bu kabi dastur va lavhalarni “Mening yurtim” telekanalining Farg‘onadagi muxbiri sifatida “Markaziy studiya”, “E’tibor markazida” ko‘rsatuvlari, “Hudud” yoshlar informatsion dasturi orqali ham yurtdoshlarimiz hukmiga havola etmoqdaman.

Ijodiy jarayonda ehtiyojmand oila farzandlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar hayotini yoritishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Zero, mamlakatimizda yoshlar siyosati yuritilar ekan, undan har bir yosh foydalanishga haqli. Men kelgusida ham aynan ijtimoiy ahvoli og‘ir, nogironligi bo‘lgan, dardiga davo izlayotgan o‘g‘il-qizlarni o‘z safimizga tortishni asosiy maqsadim deb bilaman. Bu ishda har birimiz daxldormiz, shunday emasmi, qadrli yoshlar!

Yurtboshimiz tomonidan globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan ezgu ishlar haqida har qancha gapirsak oz. Bu esa yurtimizda navqiron avlod kamolotiga yuksak e’tibor qaratilayotganining yorqin dalilidir.

Unutmaylik, “Beshta muhim tashabbus minglab imkoniyatlaringga yo‘l ochadi!”. Zero, biz, aziz Farg‘ona farzandlari o‘z iste’dod va salohiyatimiz bilan yurtimizni yanada  yuksaltirishimiz shart!

 

Muhammadsiddiq USMONOV,

“Ruxsor” hamda “Mening yurtim” telekanallari muxbiri.

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here